OMMAVIY OFERTA

“MGovAward” davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish boʻyicha koʻrik-tanlov oʻtkazishga

“MGovAward” davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish boʻyicha koʻrik-tanlov oʻtkazish borasida tuzilgan mazkur Ommaviy oferta (keyingi oʻrinlarda – Shartnoma) Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati homiyligida, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 369-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, bundan keyin “Tashkilotchi” deb ataluvchi “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MChJ tomonidan tashkil etiladigan va oʻtkaziladigan “mGovAward” davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish boʻyicha Koʻrik-tanlovni (keyingi oʻrinlarda – Koʻrik-tanlov) tashkil etish va oʻtkazish shartlarini va tartibini belgilab beradi va Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining va Tashkilotchining bir guruh jismoniy shaxslar tomonidan ommaviy ofertaga rozilik bildirilishi (qabul qilinishi) holatida mazkur Shartnoma shartlariga muvofiq Koʻrik-tanlovda ishtirok etish imkoniyatini taqdim etish boʻyicha Ommaviy ofertasi hisoblanadi.

 

1. ASOSIY ATAMALAR VA TUSHUNCHALAR

 

1.1. Mazkur Shartnoma maqsadlari uchun quyidagi atamalar va tushunchalar qoʻllaniladi:

Ariza – rasmiy Saytda elektron shaklni toʻldirish va yuborish paytida Jamoa vakili taqdim etgan maʼlumot/materiallar.

Tashabbuschi – Koʻrik-tanlovning tashabbuschisi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi.

Sayt – Koʻrik-tanlovning rasmiy veb-sayti – www.mgovaward.uz

Ishtirokchi – Oʻzbekiston Respublikasi hududida tahsil oluvchi, Jamoa aʼzosi boʻlgan, Tashabbuskor va Koʻrik-tanlov Tashkilotchisi bilan mehnat va boshqa shartnoma munosabatlariga kirishmagan, shuningdek ushbu Shartnoma talablariga rioya qiladigan oliy oʻquv yurti talabasi, umumiy oʻrta taʼlim maktabi yoki oʻrta-maxsus taʼlim muassasasi oʻquvchisi.

Masʼul vakil – Jamoa nomidan ishtirok etish uchun Ariza topshirgan Jamoa aʼzosi.

Jamoa – mazkur Shartnomaga muvofiq Saytda roʻyxatdan oʻtgan Ishtirokchilar guruhi.

Tashkilotchi – Koʻrik-tanlov tashkilotchisi “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MChJ.

Intellektual mulk huquqlari – intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan barcha huquqlar (intellektual va sanoat mulki), shu jumladan (I) ixtirolarga (ixtirolarga berilgan patentlar, ixtirolarga patent olish huquqi, shu jumladan patent berish uchun berilgan talabnomalar, qayta rasmiylashtirilgan patentlar, takroriy talabnomalar yoki davom ettirish va qisman davom ettirish uchun talabnomalar), foydali modellarga; (II) mualliflik huquqlari; (III) namunalar va sanoat namunalari; (IV) savdo belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovarlarni rasmiylashtirish va shu kabi obʼyektlarga boʻlgan huquqlar; (V) ishlab chiqarish sirlari, tijorat sirini tashkil etuvchi boshqa maʼlumotlar va maxfiy maʼlumotlar; (VI) integral mikrosxemalar topologiyalariga boʻlgan huquq va shablonlarga (niqoblarga) boʻlgan huquqlar; (VII) boshqa intellektual huquqlar.

Finalchi – III bosqichdan oʻtgan va ommaviy ovoz berish uchun Ekspertlar hayʼati tomonidan tavsiya etilgan jamoalar.

Gʻolib – natijalari ommaviy ovoz berish yakuni boʻyicha eng yaxshi deb tan olingan 3 ta Jamoa.

Dastur – Jamoa tomonidan ishlab chiqilgan va mszkur Shartnomada belgilangan muddatda koʻrik-tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan mobil ilova.

Kelishuv – Tashkilotchi va Gʻolib oʻrtasida tuzilgan, tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarlikarini, shuningdek pul mablagʻlarini oʻtkazishning boshqa shartlarini belgilaydigan yozma shartnoma.

Mualliflik huquqiga buyurtma shartnomasi – Gʻolibning ishlab chiqilgan Dastur shaklidagi intellektual mulkka boʻlgan mulkiy huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisida Tashkilotchi va Gʻolib oʻrtasida tuzilgan yozma shartnoma.

Homiy – Koʻrik-tanlovning homiysi Birlashgan Arab Amirliklari hukumati.

Demo kun – Jamoalar tomonidan Ekspertlar hayʼatining oldida oʻtkaziladigan taqdimot kunlari.

Ekspert hayʼati – Koʻrik-tanlovning vakolatli organi boʻlib, uning tarkibiga Tashkilotchi, Tashabbuschi, Homiy, manfaatdor vazirliklar vakillari va mustaqil ekspertlar kiradi. Ekspertlar hayʼatining tarkibi koʻrik-tanlov Tashabbuschisi tomonidan tasdiqlanadi.

Hamkor – Koʻrik-tanlovni tashkil etishda moliyaviy, texnik va tashkiliy yordam koʻrsatadigan yuridik shaxs.

 

2. SHARTNOMA PREDMETI

 

2.1. Koʻrik-tanlovda Gʻolibni aniqlash maqsadida ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq Tashabbuskor va Tashkilotchi birgalikda mazkur Shartnoma shartlarini qabul qilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida tahsil olayotgan oliy oʻquv yurtlari talabalari, umumiy oʻrta taʼlim maktabi yoki oʻrta-maxsus taʼlim muassasasi oʻquvchilari oʻrtasida Koʻrik-tanlov tashkil etadilar va oʻtkazadilar.

2.2. Koʻrik-tanlov natijalariga koʻra, Gʻolib deb topilgan Jamoaga mazkur Shartnomaning 10-boʻlimi shartlariga muvofiq, egallagan sovrinli oʻrniga mos ravishda belgilangan miqdordagi pul ekvivalentidagi mukofot toʻlanadi.

2.3. Mazkur Shartnoma va unga har qanday ilova rasmiy hujjat hisoblanadi va Saytda nashr qilinadi.

3. OFERTA AKSEPTI (QABUL)

 

3.1. Koʻrik-tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan jamoa, uning masʼul vakili sifatida jamoani saytda quyidagicha roʻyxatdan oʻtkazadi:

3.1.1. Roʻyxatdan oʻtish shakli – koʻrik-tanlovda qatnashish uchun arizani toʻldirish;

3.1.2. Ommaviy ofertani qabul qilinganlik haqida, Jamoaning barcha aʼzolari tomonidan mazkur Shartnoma shartlarini toʻliq va soʻzsiz qabul qilinganligining tasdigʻi hisoblanadigan belgini qoʻyish;

3.1.3. Jamoa aʼzolarining toʻliq ism-shariflari, oʻquv muassasalarining, fakultetlarining nomini koʻrsatish;

3.1.4. Dasturlar ilovalari va ishtirokchilarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan taʼlim muassasalarida oʻqishini tasdiqlovchi rasmiy xatlar.

3.2. Koʻrik-tanlovda qatnashish uchun Jamoani roʻyxatdan oʻtkazish uchun, Jamoaning barcha Ishtirokchilari nomidan Shartnomani qabul qilinganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyish kerak. Saytda elektron shakldagi Arizani toʻldirish va yuborish, Jamoaning barcha Ishtirokchilarining Tashabbuschi yoki Tashkilotchi tomonidan oʻzining shaxsiy maʼlumotlarini qayta ishlanishiga roziligini anglatadi.

3.3. Shartnoma shartlarini qabul qilish, Jamoa Ishtirokchilari tomonidan Shartnomaning barcha shartlarini hech qanday istisnolar va/yoki cheklovlarsiz toʻliq va soʻzsiz qabul qilishni anglatadi va bu Koʻrik-tanlov oʻtkazilishi haqidagi yozma Shartnomani tuzishga tengdir.

 

4. KOʻRIK-TANLOVNING MAQSADI

 

4.1. Koʻrik-tanlovning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi hududida IT-dasturlash sohasida taʼlim olayotgan oliy oʻquv yurtlarining iqtidorli talabalari, umumiy oʻrta taʼlim maktabi yoki oʻrta-maxsus taʼlim muassasasi oʻquvchilarining salohiyatini rivojlantirish va kuchaytirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashdir.

4.2. Koʻrik-tanlovning asosiy sharti – sogʻliqni saqlash, taʼlim, turizm, tadbirkorlik, transport va logistika yoʻnalishlari boʻyicha davlat idoralari uchun mobil ilova yaratish.

4.3. Koʻrik-tanlov vazifalari:

4.3.1. Jamoalarga oʻzlarining gʻoyalarini, ularning muhimligini aniqlash maqsadida, Dastur shaklida amalga oshirish imkoniyatini taqdim etish, shuningdek, Jamoa tarkibida mobil qurilmalar uchun dasturiy taʼminotni ishlab chiqish sohasida Ishtirokchilarning koʻnikmalarini rivojlantirish;

4.3.2. Davlat organlari uchun mobil ilovalarni ishlab chiqish sohasida ochiq maʼlumotlarni tahlil qilishda talabalar, oʻquvchilar va davlat idoralari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni rivojlantirish;

4.3.3. Kelib tushgan Ariza va Dasturlarni tahlil qilish va mobil dasturlar sohasini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlarni aniqlash;

4.3.4. Mazkur Shartnoma talablariga mos keladigan yoʻnalishlar doirasidagi eng yaxshi Dasturlarni aniqlash va ulardan davlat organlarining kelgusi faoliyatida amalga oshirish uchun taklif sifatida foydalanish.

 

5. TOMONLARNING HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI

 

5.1. Jamoa Ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:

5.1.1. Saytda Koʻrik-tanlovda ishtirok etish uchun ariza taqdim etish va mazkur Shartnoma bilan batafsil tanishish;

5.1.2. Qonunda belgilangan tartibda shaxsiy maʼlumotlarni (har bir Jamoa Ishtirokchisining shaxsiy maʼlumotlarini) qayta ishlashga roziligini qaytarib olish toʻgʻrisida ariza yuborish orqali qayta ishlashga rozilikni bekor qilish. Bunda, shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlashni bekor qilish Ishtirokchini Koʻrik-tanlovda qatnashishdan avtomatik ravishda chiqarib tashlanishiga olib keladi;

5.1.3. Koʻrik-tanlov natijalari toʻgʻrisida yoki Saytda koʻrik-tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlarni olish.

5.2. Jamoa Ishtirokchisining majburiyatlari quyidagilar:

5.2.1. Mazkur Shartnoma shartlari bilan tanishish;

5.2.2. Mazkur Shartnomaning shartlarini qabul (aksept) qilganda uning barcha shartlariga rioya qilish;

5.2.3. Koʻrik-tanlovda qatnashish uchun Jamoa nomidan Ariza taqdim etilganda, Jamoaning Masʼul vakili Jamoaning barcha Ishtirokchilarining toʻgʻri shaxsiy maʼlumotlari taqdim etilishini taʼminlash va ularning shaxsiy maʼlumotlarini taqdim etishga va mazkur Shartnomani qabul qilishga roziliklarini olish majburiyatini oladi;

5.2.4. Dasturlarni ishlab chiqish jarayonida Jamoa tomonidan ishlatiladigan dastlabki maʼlumotlarni Tashkilotchi tomonidan nusxalash uchun tayyor saqlab turish;

5.2.5. Jamoa mazkur Shartnomaga muvofiq sovrinli oʻrinlardan birini qoʻlga kiritgandan soʻng, Dasturning asosiy kodlarini topshirish va Tashkilotchi bilan Mualliflik huquqiga buyurtma shartnomasini tuzish;

5.2.6. Mualliflik huquqiga buyurtma shartnomasini tuzish boʻyicha oʻz huquqini Tashkilotchidan tashqari uchinchi shaxslarga bermaslik;

5.2.7. Demo kunlarining boshlanishidan oldin, dasturlar toʻliq sinovdan oʻtgan va ishchi holatda ekanligiga ishonch hosil qilish;

5.2.8. Taqdim etilgan Dasturlar sogʻliqni saqlash, taʼlim, turizm, tadbirkorlik, transport va logistika yoʻnalishlari boʻyicha aholiga va tadbirkorlik subʼyektlariga taqdim etiladigan tegishli yoʻnalishlardan biri va davlat xizmatlaridan biri bilan bogʻliqligiga ishonch hosil qilish;

5.2.9. Taqdim etilgan materiallar va dasturlarga tegishli mualliflik huquqi Jamoaga tegishli ekanligiga, xususan ulardan foydalanish va tarqatish Oʻzbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va unga yondosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzmasligiga ishonch hosil qilish;

5.2.10. Dasturni shu Jamoaning ichida ishlab chiqish;

5.2.11. Saytning ishlashini buzadigan, Koʻrik-tanlov natijalarini oʻzgartirish imkonini yaratadigan dasturiy taʼminotdan foydalanmaslik. Saytni izdan chiqarishga urinishlar Tashkilotchi tomonidan aniqlangan holatda, Ishtirokchisi bunday harakatlarni amalga oshirgan Jamoa Koʻrik-tanlovda qatnashish va mukofot olish huquqidan mahrum etiladi;

5.2.12. Shaxsiy yoki tijorat maqsadlarida foydalanmaslik, Koʻrik-tanlov oʻtkazish doirasidan tashqarida eʼlon qilmaslik, Tashabbuschi, Tashkilotchi va/yoki davlat organlaridan olingan maʼlumotlar va axborotlarni uchinchi shaxslarga bermaslik;

5.2.13. Koʻrik-tanlovda gʻolib boʻlgan taqdirda, Tashkilotchining iltimosiga binoan mukofot olish uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlarni info@mgovaward.uz  yoki info@it-park.uz  elektron pochta manzili boʻyicha taqdim etish.

5.3. Tashabbuschi quyidagi huquqlarga ega:

5.3.1. Jamoa Ishtirokchilaridan mazkur Shartnomaning barcha shartlariga rioya qilishni talab qilish;

5.3.2. Koʻrik-tanlovning III bosqichi boshlangunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 977-moddasiga muvofiq shartlarni oʻzgartirish yoki Koʻrik-tanlovni bekor qilish;

5.3.3. Tashkilotchining taklifiga binoan plagiat (ko’chirmachilik) holatlari aniqlanganda, jamoaning diskvalifikatsiyasini koʻrib chiqish.

5.4. Tashkilotchi quyidagi huquqlarga ega:

5.4.1. Dasturlarni ishlab chiqish jarayonida Jamoa tomonidan ishlatiladigan dastlabki maʼlumotlarni soʻrash;

5.4.2. Mazkur Shartnomaning 3-boʻlimiga binoan jamoaning masʼul vakili tomonidan ommaviy oferta shartlarini qabul qilib olgandan soʻng, Jamoa Ishtirokchilarining shaxsiy maʼlumotlarini tekshirish;

5.4.3. Mazkur Shartnomaga muvofiq sovrinli oʻrinlardan birini olgan Jamoa Ishtirokchilari bilan mualliflik huquqi buyurtmasi toʻgʻrisida shartnoma tuzish;

5.4.4. Jamoa Ishtirokchisining shaxsiy maʼlumotlariga oid barcha maʼlumotlarni qayta ishlash.

5.5. Tashkilotchining majburiyatlari quyidagilar:

5.5.1. Mazkur Shartnomaga muvofiq koʻrik-tanlovni tashkil etish;

5.5.2. Belgilangan muddat ichida mazkur Shartnoma va Kelishuvga muvofiq uchta gʻolibga Koʻrik-tanlov doirasida mukofot sifatida pul mukofotini toʻlash;

5.5.3. Potentsial Jamoalardan arizalarni qabul qilishni tashkil qilish;

5.5.4. Koʻrik-tanlovning Ekspertlar hayʼatini tuzish va tasdiqlash uchun Tashabbuschiga 01.01.2020 y. sanasidan kechiktirmay taqdim etish;

5.5.5. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Jamoa Ishtirokchilarining shaxsiy maʼlumotlarini shaxsiy maʼlumotlar operatori sifatida qayta ishlash;

5.5.6. Jamoalarning Demo kunini tashkil qilish.

6. KOʻRIK-TANLOVNING OʻTKAZILISH BOSQICHLARI

 

6.1. Koʻrik-tanlov 2019-2020-yillar davomida bir necha bosqichda oʻtkaziladi, ijobiy natijalar va natijalarning samaradorligi kuzatilganda, keyingi yillarda shunga oʻxshash Koʻrik-tanlov oʻtkazish zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.

6.2. Koʻrik-tanlov oʻtkazish bosqichlari:

6.2.1. I-bosqich 2019-yil 26-sentyabrdan 2020-yil 10-fevralgacha – Koʻrik-tanlov Saytining ishga tushirilishi, Sayt orqali Jamoalardan Ariza va materiallar, Dasturlar qabul qilishning boshlanishi;

6.2.2. II-bosqich 2020-yil 11-fevraldan 29-fevralgacha – taqdim etilgan Arizalarning Koʻrik-tanlov shartlariga muvofiqligini koʻrib chiqish va baholash va shunga asosan Demo kunida ishtirok etish uchun Jamoalarni tanlab olish;

6.2.3. III-bosqich 2020-yil may oyida – Finalchilarni aniqlash uchun Ekspertlar hayʼati oldida jamoalarning Demo kunining oʻtkazilishi;

6.2.4. IV-bosqich 2020-yil may oyida – Koʻrik-tanlov Finalchilariga ommaviy ovoz berishni oʻtkazish;

6.2.5. V-bosqichi 2020-yil may oyida – Koʻrik-tanlov Gʻoliblari va Sovrindorlarini taqdirlash marosimini tashkil etish, Koʻrik-tanlov natijalarini eʼlon qilish.

 

7. KOʻRIK-TANLOVDA QATNASHISH UCHUN ARIZA BERISH TARTIBI

 

7.1. Koʻrik-tanlovda ishtirok etish uchun masʼul vakil har bir Jamoa Ishtirokchisidan shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlashga roziligini olish bilan Jamoa nomidan ariza berib, Jamoani roʻyxatdan oʻtkazishi shart. Agar bunday rozilik olinmasa, Ishtirokchilarning yoki uchinchi shaxslarning (shu jumladan davlat organlarining) shaxsiy maʼlumotlarini qayta ishlash bilan bogʻliq barcha daʼvolar uchun javobgarlik, toʻliq familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek aloqa maʼlumotlari Arizani yuborishda Jamoaning Masʼul vakili sifatida alohida koʻrsatiladigan, Arizani taqdim etgan Jamoaning Masʼul vakili zimmasida boʻladi.

7.2. Arizada quyidagilar boʻlishi kerak:

7.2.1. Kerakli maydonlarni toʻldirish;

7.2.2. Dastur haqidagi gʻoyani asosiy funksiyalari va afzalliklari bilan tushuntirib beradigan videoni biriktirish;

7.2.3. Prototip yoki tayyor Dastur yoki yuklab olish havolasi;

7.2.4. Taʼlim muassasalaridan oʻsha yerda tahsil olishini tasdiqash toʻgʻrisidagi xatlarni qabul qilish (Jamoa Aʼzolari haqida barcha zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan firma blankida yozilgan, taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan imzolangan va rahbariyat muhri bilan tasdiqlangan rasmiy xat).

7.3. Koʻrik-tanlovda ishtirok etish uchun arizalar yigʻish Saytda amalga oshiriladi (arizalar oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida qabul qilinadi).

7.4. Koʻrik-tanlovda ishtirok etishni istagan shaxslarga qoʻyiladigan talablar rasmiy veb-saytda va mazkur Shartnomada keltirilgan.

7.5. Shartnomaning mazkur qismida sanab oʻtilgan talablarga rioya qilmaslik, texnik sabablarga koʻra arizani roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish va ariza bergan shaxslarga Jamoa maqomini bermaslik uchun asos boʻladi. Arizani roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi tasdiq (roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish) Foydalanuvchiga Arizada koʻrsatilgan elektron pochta manzili boʻyicha yuboriladi.

 

8. KOʻRIK-TANLOVDA ISHTIROK ETISH UCHUN TALABLAR

 

8.1. Ishtirokchilar Koʻrik-tanlovda faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan oliy oʻquv yurtlari talabalari, umumiy oʻrta taʼlim maktabi yoki oʻrta-maxsus taʼlim muassasasi oʻquvchilaridan iborat Jamoaning tarkibida ishtirok etishlari mumkin. Talabalar va oʻquvchilar yakka tartibda ishtirok eta olmaydi.

8.2. Jamoaning barcha Aʼzolari faqat bitta Jamoaga tarkibida boʻlishlari shart va Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan turli oʻquv muassasalaridan boʻlishlari mumkin.

8.3. Ishtirokchilar faqat Jamoa tarkibida qatnashishlari mumkin.

8.4. Jamoa kamida uchta ishtirokchidan iborat boʻlishi kerak. Shu bilan birga, jamoa tarkibiga ayollardan vakil kiritish tavsiya etiladi.

8.5. Jamoalar koʻrik-tanlovning turli yoʻnalishlari boʻyicha bitta Jamoa tarkibida arizalar topshirishlari mumkin.

8.6. Jamoa murabbiylari sifatida taʼlim muassasalarining oʻqituvchilari va boshqa vakillari ishtirok etishlari mumkin.

 

9. FINALCHILAR VA GʻOLIBLARNI ANIQLASH TARTIBI VA MEZONLARI

 

9.1. Baholash uch bosqichda oʻtkaziladi.

9.1.2 I-bosqich: Taqdim etilgan Arizalarning Koʻrik-tanlov shartlariga muvofiqligini koʻrib chiqish va baholash va shunga asosan Demo kunida ishtirok etish uchun Jamoalarni tanlab olish:

  1. Ariza beruvchilarning Koʻrik-tanlovda ishtirok etish qoidalari va talablariga amal qilishini tekshirish;
  2. Ishlaydigan mobil ilovaning borligini (faqatgina gʻoya yoki taqdimot emasligini) tekshirish.
  3. Arizalar baholovchilar oʻrtasida mavzu boʻyicha taqsimlanadi va har bir murojaat bir nechta baholovchilar tomonidan baholanadi. Short-list keyingi bosqichga oʻtadi;
  4. Short-listga kiritilgan arizalar barcha baholovchilar tomonidan baholanadi va ular orasidan eng yaxshi 20 tasi 2-bosqichga (II-bosqich) oʻtadi;

9.1.3. II-bosqich: Finalchilarni aniqlash uchun Ekspertlar hayʼati oldida Jamoalarning demo kunini oʻtkazish;

9.1.4. III-bosqich: Onlayn-Ovoz berish (onlayn tartibida ommaviy ovoz berish).

9.2. Arizalarni tanlab olish mezonlari:

9.2.1. Samaralilik va samaradorlik – bu mezon maqsadli auditoriya oʻrtasida taqdim etilgan ilova xizmatlaridan foydalanish koʻlamini va davlat xizmatlariga oid muammolarni hal qilish darajasini baholashga yoʻnaltirilgan;

9.2.2. Qulaylik – bu mezon, foydalanuvchilar nuqtai nazaridan olib qaraganda xizmatlardan foydalanishning qulaylik darajasini belgilaydi. Shu bilan birga, asosiy eʼtibor funksionallikka qaratiladi, ammo shu bilan cheklanib qolmaydi. Qulaylik – bu yoqimli dizayn va qulay navigatsiya (koʻrish va his qilishda);

9.2.3. Innovatsiya – bu mezon “Zoʻr!” omiliga asoslangan, yaʼni hayotning noyob, oʻziga xos va yangi voqeliklariga yoʻnaltirilgan gʻoyalarni ijodiy uygʻunlashtirish orqali yechimlarni ishlab chiqishga, texnologiyalarning innovatsion qoʻllanilishiga yoki mijozlarning umumiy tajribasiga taʼsir koʻrsatadigan usullar bilan innovatsion yondashuvlardan foydalanishga qaratilgan.

9.3. Koʻrik-tanlovning birinchi bosqichida Ekspert hayʼati tomonidan Finalchilarni tanlab olish quyidagi mezonlar majmui boʻyicha 100 balli shkala boʻyicha oʻtkaziladi:

9.3.1. Samaralilik va samaradorlik (40 ball):

  1. vaqtni qisqartirish va tejash – 10 ball;
  2. foydalanuvchilar uchun xizmatning ahamiyati – 10 ball;
  3. taklif etilayotgan xizmatlar soni – 10 ball;
  4. maqsadli auditoriyaning koʻlami – 10 ball.

9.3.2. Qulaylik (30 ball):

  1. navigatsiyaning qulayligi – 10 ball;
  2. foydalanuvchilar interfeysining intuitivligi – 10 ball;
  3. foydalanuvchi tajribasi – 10 ball.

9.3.3. Innovatsiya (30 ball):

  1. ilovaning oʻziga xosligi – 15 ball
  2. boshqa xizmatlarda va/yoki davlatlarda joriy etish salohiyati – 15 ball.

9.4. Ekspertlar hayʼati mazkur Shartnomaning 9.3-bandida sanab oʻtilgan barcha mezonlarga muvofiq Dasturlarni baholaydi.

9.5. Jamoa Ishtirokchilari Ekspertlar hayʼatining qaroriga shubha qilish huquqiga ega emaslar. Bundan tashqari, Tashabbuschi ham, Tashkilotchi ham Jamoa Ishtirokchilarining alohida Jamoalarni gʻolib deb tan olinmasligi, jumladan Dasturlar belgilangan mezonlarga mos emasligi bilan bogʻliq zararlarini (agar ular boʻlgan boʻlsa) qoplamaydilar.

9.6. Koʻrik-tanlov Gʻoliblarini tanlab olish Koʻrik-tanlovning III-bosqichida ommaviy ovoz berish yoʻli bilan: Tashkilotchining Veb-saytida va Telegram boti orqali onlayn ovoz berish yoʻli bilan aniqlanadi.

9.7. Koʻrik-tanlov natijalari Tashabbuschi tomonidan Koʻrik-tanlovning III bosqichining yakuniy natijalari asosida umumlashtiriladi va Koʻrik-tanlovning rasmiy Saytida, ijtimoiy tarmoqlarda matnli eʼlon joylashtirish orqali, shuningdek Ariza berishda koʻrsatilgan elektron pochta va/yoki telefon raqamlari orqali shaxsan xabar berish yo’li bilan eʼlon qilinadi.

9.8. Gʻoliblarga va Koʻrik-tanlovning boshqa Jamoalariga pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar 30 kun ichida Tashabbuschi, Tashkilotchi, Homiy va Hamkorlar tomonidan taqdim etiladi.

 

10. MUALLIFLIK HUQUQIGA OID BUYURTMA SHARTNOMASINI TUZISH VA KOʻRIK-TANLOV GʻOLIBGA PUL MUKOFOTINI TOʻLASH TARTIBI

 

10.1. Koʻrik-tanlov pul mukofotini toʻlash uchun fond 100 000 (yuz ming) AQSh dollari miqdoridagi pul ekvivalentida Koʻrik-tanlov homiysi hisobidan shakllantiriladi.

10.2. Umumiy ovoz berish asosida aniqlangan gʻolib Jamoalar quyidagilarga ega boʻladi:

10.2.1. 1-oʻrin uchun – 50 000 (ellik ming) AQSh dollari;

10.2.2. 2-oʻrin uchun – 30 000 (oʻttiz ming) AQSh dollari;

10.2.3. 3-oʻrin uchun – 20 000 (yigirma ming) AQSh dollari.

10.3. Tashkilotchi va har bir Gʻolib oʻrtasidagi Kelishuv va Mualliflik huquqiga buyurtma shartnomasi Gʻoliblar eʼlon qilinganidan keyin 5 (besh) ish kuni ichida tuziladi.

 

 

10.4. 10.2-bandda koʻrsatilgan pul mukofoti Mualliflik huquqiga buyurtma shartnomasi tuzilgandan keyin Gʻolib Jamoalarga 30 (oʻttiz) kalendar kuni ichida 100% miqdorida toʻlanadi.

10.5. Jamoa Ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi milliy banklarida ochilgan bank kartalariga ega boʻlishi kerak.

10.6. Mualliflik buyurtmasi shartnomasini tuzish bilan, Gʻolib Jamoaning har bir Ishtirokchisi ishlab chiqilgan Dasturga mulkiy mualliflik huquqlarini, shuningdek Dasturlarning asosiy kodlarini Tashkilotchiga topshiradi va zarur boʻlganda, Tashkilotchining talabiga binoan, Koʻrik-tanlovda taklif etilgan Dasturni Tashkilotchining talablarini hisobga olgan holda tayyorlab berishga majbur hisoblanadi.

10.7. Gʻolibning ishlab chiqilgan Dastur shaklidagi intellektual mulkka egalik huquqini berishning isboti bu Mualliflik huquqiga buyurtma shartnomasini tuzishdir.

10.8. Jamoa Ishtirokchilarining Tashkilotchi bilan Mualliflik huquqiga buyurtma shartnomasini tuzishdan bosh tortishi (agar jamoaning kamida bitta Ishtirokchisi rad etsa) Jamoaning diskvalifikatsiyasiga va mazkur Shartnomaning 10.2-bandida koʻrsatilgan mukofot pulini toʻlamaslikka olib keladi.

10.9. Gʻolib mazkur Shartnoma shartlarini va Mualliflik huquqiga buyurtma shartnomasini bajarmagan taqdirda Tashabbuschi va Tashkilotchi Koʻrik-tanlov Gʻolibiga mukofot pulini toʻlamaslikka haqlidir.

10.10. Bir mukofotni boshqasi bilan almashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

10.11. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 190-moddasiga muvofiq mukofot pulini toʻlashda soliqlarni toʻlash uchun javobgarlik Jamoa Ishtirokchilariga yuklatiladi.

10.12. Mukofot pulini olish uchun Jamoaning Masʼul vakili Tashkilotchiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

10.12.1. Jamoaning barcha Ishtirokchilarining asl pasporti;

10.12.2. Jamoaning barcha Ishtirokchilarining STIR maʼlumotlari;

10.12.3. Mukofot pulini olish uchun tilxat, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini (JShDS) ushlab qolmaslik va JShDS to’lovini oʻzi toʻlashi toʻgʻrisida ariza;

10.12.4. Jamoa Ishtirokchisining plastik kartasiga mukofot pulini oʻtkazish uchun bank bilan tuzilgan shartnoma, bank hisob raqami va bank rekvizitlari;

10.12.5. Jamoa Ishtirokchisi va Tashkilotchi tomonidan imzolangan Mualliflik huquqiga buyurtma shartnomasi va Dasturga mutlaq mulk huquqlarini Qabul qilish-topshirish dalolatnomasi.

 

11. FORS-MAJOR

 

11.1. Bartaraf qilib boʻmaydigan holatlar – toshqin, yongʻin, boʻron yoki boshqa tabiiy ofatlar, shuningdek, davlat organlarining qarorlari tufayli kelib chiqqan harbiy harakatlar natijasida mazkur Shartnoma boʻyicha majburiyatlarni qisman yoki toʻliq bajarmaganliklari uchun Tashabbuschi, Homiy, Tashkilotchi va Jamoa Ishtirokchilari javobgarlikdan ozod qilinadi va qarama-qarshi tomonga ular roʻy bergan kundan boshlab 10 bank kuni ichida yozma ravishda xabar beriladi.

 

12. OMMAVIY OFERTANING AMAL QILISH MUDDATI. TUZISH, OʻZGARTIRISH VA TUGATISH TARTIBI.

 

12.1. Mazkur Shartnoma Koʻrik-tanlovda qatnashish uchun ariza berishda Ommaviy oferta shartlari qabul qilinganlik toʻgʻrisida, uning Saytdagi barcha shartlarini qabul qilishni anglatadigan belgi qoʻyilgan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.

12.2. Shartnoma nomaʼlum muddatga tuziladi.

12.3. Tashabbuschi Tashkilotchi bilan birgalikda istalgan vaqtda Shartnomaga bir tomonlama tartibda oʻzgartirishlar va/yoki qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega. Bunday oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar Saytda kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar eʼlon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.

12.4. Jamoa Ishtirokchilari oʻzgartirish va qoʻshimchalardan rozi boʻlmaganda, Shartnomaga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar eʼlon qilingan kundan boshlab 5 (besh) kalendar kuni ichida info@mgovaward.uz yoki info@it-park.uz elektron manziliga yozma ariza yuborish orqali Shartnoma shartlarini qabul qilishdan bosh tortish huquqiga ega. Jamoa Ishtirokchilarining noroziligi, mazkur holatda Shartnomaning shartlarini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida ariza yuborilgan paytdan boshlab diskvalifikatsiyaga va Koʻrik-tanlovning keyingi bosqichlariga oʻtkazilmaslikka olib keladi.

12.5. Shartnoma Jamoa Masʼul vakilining tashabbusi bilan bir tomonlama tartibda Jamoa Ishtirokchilarining info@mgovaward.uz yoki info@it-park.uz elektron manziliga yuborilgan yozma arizasi asosida bekor qilinishi mumkin.

12.6. Jamoaning Masʼul vakili tashabbusi bilan Shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish toʻgʻrisida ariza yuborilganda, bu ariza Koʻrik-tanlovda qatnashish uchun Ariza taqdim etilgandagi elektron pochta manzilidan yuborilishi kerak. Koʻrik-tanlovda ishtirok etish uchun ariza berish paytida koʻrsatilgan elektron pochta manzilidan Shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish natijasida, arizani uchinchi tomon yuborganligiga qaramay, Jamoanining musobaqadan chetlatilganligi uchun Tashkilotchi javobgar boʻlmaydi.

12.7. Shartnoma taraflar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq yoki sudning qaroriga binoan bekor qilinishi mumkin.

 

13. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI. YAKUNIY QOIDALAR

 

13.1. Shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmaganlik yoki kerakli darajada bajarmaganlik uchun, Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgar boʻladilar.

13.2. Mazkur Shartnoma talablari va shartlarini buzganligi uchun Jamoa Tashkilotchining qarori bilan Koʻrik-tanlovdan chetlatiladi.

13.3. Jamoa Ishtirokchilari Koʻrik-tanlov gʻoliblarini aniqlaganlaridan soʻng, Tashabbuschiga, Tashkilotchiga yoki Homiyga Koʻrik-tanlovni oʻtkazish va Gʻoliblarni aniqlash yuzasidan hech qanday shikoyat qilish huquqiga ega emaslar.

13.4. Mazkur Shartnomadan kelib chiqadigan har qanday nizolar muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi, agar muzokaralar orqali kelishuvga erishilmasa, bunday nizolar Tomonlarning har qaysisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq tegishli yurisdiksiya sudida koʻrib chiqish uchun yuborilishi mumkin.

13.5. Mazkur Shartnomada koʻzda tutilmagan barcha holatlarda tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga amal qiladilar.